Sayt test rejimida ishlamoqda!
Yangi Namanganda ikki yirik tibbiy muassasa barpo etilmoqda
  • Yangiliklar
  • 10:15 23.04.2025
  • 92
  • Xabarlar

Yangi Namangan tumanida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida yirik investisiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirgi kunda tumanda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan ikki muhim tibbiyot muassasasi qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.

Birinchisi — “Oromgoh” mahallasida, tuman tibbiyot birlashmasiga yondosh ravishda barpo etilayotgan 200 o‘rinli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika. “Ravnaq” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha uchun 3,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. 2025 yil 3-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ikkinchisi — Respublika onkologiya markazi filiali sifatida “Afrosiyob” ko‘chasida qurilayotgan 170 o‘rinli, uch qavatli poliklinika. Qurilish “Olmos-Uychi” korxonasi tomonidan olib borilmoqda. Loyiha qiymati — 5,8 mlrd so‘m.

Tuman hokimi qurilish maydonlarida bo‘lib, ishlar sur’ati va sifati bilan tanishdi hamda tegishli ko‘rsatmalarni berdi. Ushbu loyihalar aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.

Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati